Konferensiyalar
Xalqaro aloqalar va ilmiy anjumanlar
Muassasa ochilishi bilan dunyo va MDH olimlarining e’tiborini tortdi hamda bir qator xalqaro ilmiy tadbirlarga mezbonlik qildi:
- 1984-yil: 27-xalqaro geologik kongressning 100 kishilik mutaxassislari ishtirokidagi birinchi xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi.
- 1986-yil: Sobiq ittifoq korallistlarining 11-maktabi yig‘ilishi o‘tkazildi.
- 1987-yil: Umumittifoqning "O‘rta Osiyodagi qadimiy hayotning qoldiq izlari" hamda konodontlar va paleobiologiyaga bag‘ishlangan yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
- 1988–1989-yillar: Germaniya, Angliya, Estoniya va boshqa davlatlardan taniqli olimlar, professorlar va paleontologlar tashrif buyurib, ilmiy tadqiqotlar olib borishdi.
- 2019 va 2021-yillar: YuNESKO hamkorligida xalqaro geoturistik forumlar tashkil etilib, Qashqadaryo viloyatining Kitob, Shahrisabz va Chiroqchi tumanlarida geoturizmni rivojlantirish istiqbollari o‘rganildi.
Kitob geologiya milliy tabiat bog‘ida IGCP735 xalqaro dala konferensiyasi
2026-yil avgust oyida “Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i” davlat muassasasida “IGCP735 Field Conference” xalqaro dala konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya ordovik davriga oid geologik yotqiziqlarni o‘rganish, stratigrafiya va paleontologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi. Mazkur tadbir geologiya fanlari sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoning ordovik davri kesmalarini ko‘p yillik tadqiq etish ishlarining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Konferensiyani o‘tkazish tashabbusi Xalqaro geologiya fanlari ittifoqining (IUGS) Ordovik komissiyasi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, IGCP735 loyihasi doirasidagi tadbirni Kitob geologiya milliy tabiat bog‘ida tashkil etish taklifi asosida amalga oshirildi. Konferensiyani o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi ham ko‘mak ko‘rsatdi.
Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i geologiya, stratigrafiya va paleontologiya sohasi mutaxassislari uchun alohida ilmiy ahamiyatga ega hududlardan biridir. Bog‘ hududida Yerning geologik rivojlanish tarixi va qadimgi biologik jamoalar haqida muhim ma’lumotlarni o‘zida saqlagan geologik kesmalar mavjud. Mazkur kesmalarni o‘rganish nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro ilmiy ahamiyatga ham ega.
Konferensiyaning asosiy maqsadi ordovik davri stratigrafiyasi va paleontologiyasining dolzarb masalalarini xalqaro mutaxassislar ishtirokida muhokama qilish, turli hududlardagi geologik kesmalarni o‘zaro taqqoslash, qadimgi organizmlarning qazilma qoldiqlarini o‘rganish hamda ordovik davrida sodir bo‘lgan geologik jarayonlarni tahlil qilishdan iborat bo‘ldi.
Shuningdek, stratigrafik birliklarni o‘zaro taqqoslash, geologik davrlar chegaralarini aniqlashtirish, paleontologik topilmalarni o‘rganish va ularning qadimgi geografik hamda ekologik sharoitlarni tiklashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiyada 10 ta davlatdan 24 nafar xorijiy mutaxassis va yosh olim ishtirok etdi. Ular orasida professorlar, doktorantlar va boshqa ilmiy xodimlar bor edi. Tadbirda O‘zbekiston, Kanada, Buyuk Britaniya, Chexiya, Ispaniya, Portugaliya, Rossiya, Eron, Xitoy, Malayziya va Janubiy Koreyadan olimlar, mutaxassislar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari qatnashdi. Shuningdek, “Regional geologiya” DUK stratigrafiya partiyasining yetakchi mutaxassislari ham konferensiya ishida ishtirok etdilar.
Konferensiyaning ochilish marosimida “Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i” davlat muassasasi direktori N. Abdiyev ishtirokchilarni qutlab, xalqaro ilmiy hamkorlikning O‘zbekiston geologik merosini yanada chuqur o‘rganishdagi ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, Kitob geologiya milliy tabiat bog‘ining ilmiy va geoturistik salohiyatini rivojlantirish, kelgusida uni UNESCO Global geoparklar tarmog‘iga kiritish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.
Konferensiya doirasida O‘zbekistonlik va xorijiy mutaxassislarning ilmiy ma’ruzalari tinglandi. Jumladan, Uels Milliy muzeyining Tabiiy fanlar departamenti doktori Leonid Yevgenyevich Popov, Xitoy Fanlar akademiyasining Nankin geologiya va paleontologiya instituti ilmiy xodimi professor Zhan Renbin, Rossiya Fanlar akademiyasi Borissiak nomidagi Paleontologiya instituti ilmiy xodimi doktor Andrey Alekseevich Krutykh, Kanada Saskachevan universiteti tadqiqotchilari Luis Alberto Buatois va Maria Gabriela Mangano, Portugaliyaning Koimbra universiteti ilmiy xodimi Sofia Raquel Cardoso Pereira, Janubiy Koreyadan doktor Juwan Jeon, Chexiyaning Praga milliy muzeyi paleontologiya bo‘limi ilmiy xodimi doktor Jana Bruthansova, Ispaniya Yer fanlari instituti ilmiy xodimi doktor Jose Javier Alvaro Blasco va boshqa mutaxassislar o‘z ilmiy ishlari bilan ishtirok etdilar.
Ilmiy dastur bevosita dala sharoitida davom ettirildi. Konferensiya ishtirokchilari o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birgalikda Shahrioman-1, Shahrioman-2, Shahrioman-3 va Novobak kesimlarida tadqiqotlar olib bordilar, shuningdek, xalqaro etalon kesim Zinzilbanga tashrif buyurdilar. Dala tadqiqotlari mutaxassislarga tog‘ jinslarining litologik xususiyatlarini, yotqiziqlarning stratigrafik ketma-ketligini hamda ularda saqlanib qolgan paleontologik qoldiqlarni bevosita o‘rganish imkonini berdi.
Xorijiy tadqiqotchilarda Shahrioman kesimining ordovik yotqiziqlari va ularda saqlanib qolgan qadimgi organizmlarning qazilma qoldiqlari alohida qiziqish uyg‘otdi.
Aniqlangan materiallar dunyoning boshqa hududlaridan topilgan shunga o‘xshash namunalari bilan taqqoslash va keyingi tadqiqotlar uchun ilmiy qiziqish uyg‘otadi. Namunalarning bir qismi xorijiy ilmiy muassasalarda laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazish uchun tanlab olindi.
Dala tadqiqotlari ishtirokchilarga o‘z tadqiqot natijalari bilan almashish va stratigrafik korrelyatsiya masalalarini bevosita o‘rganilayotgan obyektlarda muhokama qilish imkonini berdi. Bu esa geologik ketma-ketliklarni yanada aniqroq taqqoslash va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni davom ettirish, laboratoriya tadqiqotlarini olib borish, ilmiy nashrlar tayyorlash hamda keyingi dala tadqiqotlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
IGCP735 Field Conference konferensiyasining o‘tkazilishi O‘zbekistonning ordovik geologiyasini o‘rganish uchun muhim voqea bo‘ldi. Xalqaro ishtirok ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda Kitob geologik milliy tabiat bog‘ining noyob geologik obyektlariga e’tiborni jalb etishga xizmat qildi.
Olingan materiallar va erishilgan kelishuvlar kelgusidagi tadqiqotlar, paleontologiya va stratigrafiya sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning geologik merosini xalqaro miqyosda tanitish va ilmiy geoturizmni rivojlantirish uchun asos yaratadi.