Asosiy mazmunga o'tish

Geopark tarixi va hududi

Geografik joylashuvi va umumiy ma’lumotlar

Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i (avvalgi Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi) ma’muriy jihatdan Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida (Javuz qishlog‘i yaqinida), Zarafshon-Hisor (Zarafshon) tog‘ tizmasining janubi-sharqiy/g‘arbiy qismida, Jinnidaryo daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan. Maydoni 3938 gektar.

Relyefi va tabiati tog‘li bo‘lib, yuqori qismi qoyalardan, pastki tomoni esa tepaliklardan iborat. Dengiz sathidan balandligi 1300–2700 metrni tashkil etadi. Obi-Safit, Xo‘jaqo‘rg‘on, Zinzilbog‘ (Zinzilbon), Novabog‘ (Novobak) va boshqa soylar hududni chuqur kesib o‘tib, go‘zal tabiatli tog‘ daralarini hosil qilgan.

Tashkil etilish tarixi va asosiy maqsadlar

Hududni ilmiy jihatdan o‘rganish ishlari 1957-yilda A.I. Kim va bir guruh mutaxassislar tomonidan boshlangan. Ular hududda geologik va biostratigrafik kuzatuvlar olib borib, tog‘ jinslarining yoshini aniqlagan hamda geologik xaritasini tuzgan. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 1979-yil 22-martdagi 206-sonli qarori bilan Xo‘jaqo‘rg‘on va Zinzilbog‘ soylari hududida tashkil etilgan.

Tahskil etishdan asosiy maqsadlar devon davri kesmalarining O‘rta Osiyo stratigrafik sxemasi etalonini va Xalqaro devon o‘lchov birligini ishlab chiqish, hududdagi noyob geologik, stratigrafik va paleontologik obyektlarni (Zinzilbon, Xo‘ja-Qo‘rg‘on, Novobak, Kule, Shahriomon, G‘orlisoy va Obisafed kesmalarini) muhofaza qilish hamda ilmiy jihatdan rejali o‘rganishdir.

Zamonaviy maqomi va vazifalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi PQ-4766-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 534-sonli qaroriga asosan muassasa “Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i” etib qayta tashkil etildi.

Asosiy vazifalar:

  • Biologik va landshaft xilma-xilligini ta’minlash, ekologik muvozanatni saqlashda qatnashish; 
  • Tabiiy obyektlardan rekreatsion, ilmiy va madaniy maqsadlarda oqilona foydalanish;
  • Atrof muhit monitoringini yuritish.
  • Strategik maqsad geoturizmni rivojlantirish hamda O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib YuNESKOning global geoparklari tarmog‘iga a’zo bo‘lish.